• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

Fermerlar xalqaro onlayn oʻquv-seminarda ishtirok etishdi

Koronavirus pandemiyasi davrida mahalliy fermer xoʻjaliklari va ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida joriy yilning 2-iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasining Latviya davlatidagi elchixonasi, “Oʻzstandart” agentligi va GLOBAL GAP tashkiloti ekspertlari ishtirokida onlayn oʻquv seminari tashkil etildi.

Tadbirda GLOBAL GAP tashkiloti prezidenti Kristian Myuller, ushbu tashkilotning xalqaro eksperti Edite Strazdina, mamlakatimizning Latviyadagi Favqulodda va Muxtor elchisiQadamboy Sultanov, “Oʻzstandart” agentligi rahbar xodimlari, respublikamizning barcha viloyatlaridagi eksport istiqboliga ega 50 dan ortiq mahalliy fermer xoʻjalik vakillari ishtirok etishdi.

Oʻquv seminarida xalqaro ekspert Edite Strazdina tomonidan Yevropa bozorlariga kirishda xalqaro standartlarning ahamiyati, jahon bozorida qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga qoʻyilgan sifat va xavfsizlik talablarining tobora kuchayib borayotganligi, mamlakatimizda yetishtirilayotgan mahsulotlarning xalqaro bozorlardagi oʻrnini mustahkamlash uchun GLOBAL GAP va Organic standartlarini yurtimizda joriy etish talab etayotganligini taʼkidlab oʻtdi.

Shu bilan birga, mamlakatimizda bugungi kunga kadar 47 ta korxona GLOBAL GAP sertifikatiga ega boʻlganligi va joriy yil yakuniga kadar 250 ta korxonada standartni joriy etilishini inobatga olib, mahalliy fermer xoʻjaliklari tomonidan ushbu standartlar talablariga muvofiq mahsulot ishlab chiqarish salohiyatidan toʻla foydalanish, davlat tomonidan toʻgʻri tartibga solish va muvofiqlashtirish tizimlarini rivojlantirish, meva-sabzavot va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini sifat va xavfsizlik koʻrsatkichlarini yaxshilash mamlakat eksport geografiyasini kengaytirishga asos boʻlishi tushuntirib oʻtildi.

Xorijiy tajribadan kelib chiqib, mamlakatimiz hududida agroekoturizm salohiyati va jozibadorligi oshirish uchun maxsus organik bozorlar va restoranlar tashkil etish, standart talablari asosida organik mahsulot va xom ashyolarni ishlab chiqarish, qayta ishlash, tashish, saqlash va sotish jarayonlarini toʻgʻri tashkil etish, bu yoʻnalishlarda ilmiy-tadqiqot institutlarida kadrlar tayyorlash, zamonaviy kompleks sinov laboratoriyalari tashkil etish, mahalliy fermer xoʻjaliklari va ishlab chiqaruvchilar masofadan turib qoʻllab-quvvatlash, GLOBAL GAP va Organic standartlarni joriy etish, sertifikatlashtirish va audit jarayonlarini onlayn oʻtkazish masalalariga ham alohida urgʻu berildi.

Xalqaro ekspert tomonidan mahalliy fermer xoʻjaliklari va ishlab chiqaruvchilarni qiziqtirgan savollariga javob berildi. Koronavirus pandemiyasi salbiy taʼsirini yumshatish maqsadida, ushbu turdagi onlayn oʻquv seminarlarni doimiy tashkil etib borishga kelishib olindi.

Hozirga qadar Fargʻona (1 ta), Surxondaryo (1 ta), Navoiy (1ta), Toshkent (2ta) va Buxoro (4 ta) viloyatlarida jami 9 ta korxona va fermer xoʻjaliklari “Global G.A.P.” standarti asosida sertifikatlashtirildi va xalqaro tashkilot saytidagi reyestrga kiritildi.