• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

Fargʻonada 5 mingtaga yaqin tadbirkor faoliyatini qayta tikladi

Koronavirus pandemiyasi tufayli karantin tartibi joriy etilgach, joylarda ayrim tadbirkorlik subyektlari oʻz faoliyatini vaqtincha toʻxtatgan edi. Xususan, Fargʻona viloyatida tadbirkorlik subyektlarining 5,5 mingdan ortigʻi shunga majbur boʻldi.

Taʼkidlash joiz, karantin davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik subyektlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash maqsadida Prezidentimiz tomonidan mart-may oylarida qabul qilingan bir nechta farmon va qarorlar bunday ogʻir vaziyatda iqtisodiy qiyinchiliklarga duch kelgan tadbirkorlik subyektlari faoliyatini qayta yoʻlga qoʻyishda muhim omil boʻldi.

–Oʻtgan qisqa davr mobaynida viloyatda mazkur hujjatlar ijrosini taʼminlash, koronavirus pandemiyasi oqibatida yuzaga kelayotgan muammolar hamda uning oqibatida faoliyatni davom ettirishga toʻsqinlik qilayotgan omillarni bartaraf etishga qaratilgan aniq chora-tadbirlar natijasida 4 ming 942 ta korxona karantin qoidalariga rioya etgan holda oʻz faoliyatini tikladi, – deydi Fargʻona viloyati davlat soliq boshqarmasi boʻlim boshligʻi Mirzohid Hasanov.– Ayni paytda ushbu korxonalarda karantin qoidalariga rioya etgan holda faoliyat yuritishi toʻliq nazoratga olingan.

Albatta, tadbirkorlik subyektlari faoliyati qayta jonlanayotganligi oʻz navbatida fuqarolarning yana avvalgidek faol turmush tarziga qaytishlariga hamda doimiy ish bilan taʼminlanishiga, shuningdek, davlat byudjetiga soliq tushumlarining oʻz vaqtida tushishiga xizmat qiladi.