• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

Eksportchi korxonalar faoliyati oʻrganildi

Oʻzbekiston Eksportchilar uyushmasining Navoiy viloyati hududiy boʻlimi rahbari Sardor Gʻafforov boshchiligidagi guruh viloyatdagi eksportchi korxonalarda boʻlib, ular faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Navoiy viloyatida eksportyor korxonalar sonini koʻpaytirish, tadbirkorlarga huquqiy, moliyaviy, maʼnaviy yordam koʻrsatish maqsadida tashkil etilgan tashrif jarayonida tadbirkorlarning muammolari oʻrganilib, ular tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalar tinglandi. Tadbirkorlarga zarur tavsiyalar berildi, faoliyatini kengaytirishi yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.

Ishchi guruh oʻz faoliyatini Navoiy shahridagi kalava ip va yengil sanoat mahsulotlari eksporti bilan shugʻullanuvchi “Baxt tekstil” masʼuliyati cheklangan jamiyatining ishlab chiqarish jarayonlari hamda korxonaning eksport salohiyati bilan yaqindan tanishish bilan boshladi. Ular shuningdek, Konimex tumanidagi “Muhammadrizo” xususiy korxonasida ham boʻldi.
2019-yilda faoliyatini boshlagan mazkur korxona 5 gektar maydonda tashkil etilgan issiqxonada pomidor yetishtirib, xorijga eksport qilmoqda. “Xalq banki” tomonidan ajratilgan 1 million 200 ming dollar kredit evaziga bunyod etilgan zamonaviy issiqxonadan ayni kungacha 400 tonna hosil olindi.

Mahsulot Rossiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston davlatlariga eksport qilindi. Eksport hajmi esa 100 ming dollarni tashkil etdi. Uchrashuv davomida eksport faoliyati bilan shugʻullanuvchi tadbirkorga yangi imkoniyatlar va imtiyozlar xususida yoʻnalish berildi.

Uyushmaning keyingi yoʻnalishi Xatirchi tumanidagi mayiz yetishtirish boʻyicha peshqadam hisoblangan Uchqada hududi tadbirkorlik subyektlari hamda tumandagi “ASYA SERA NAVOIY” MCHJ shaklidagi xususiy korxonasi tasarrufidagi zamonaviy issiqxona faoliyati bilan tanishish jarayoni boʻldi.