• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

Ehtiyojlarni baholash missiyasi delegatsiyasi Oʻzbekistonda

09.07.2019

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasida 9-iyul kuni YEXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi saylovlar boʻyicha departamenti boshligʻi Aleksandr Shlik boshchiligidagi Ehtiyojlarni baholash missiyasi delegatsiyasi aʼzolari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Markaziy saylov komissiyasi raisi Mirzo-Ulugʻbek Abdusalomov mehmonlarga mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini taʼminlash borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilayotgani, xususan, saylov jarayonini ochiq va oshkora oʻtkazish boʻyicha qonunchilik bazasi mustahkamlangani haqida soʻzlab berdi.

Joriy yil dekabr oyida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga saylovlar boʻlib oʻtadi. YEXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi missiyasi mamlakatimiz tarixida ilk bor saylovlardan olti oy oldin taklif etildi.

Uchrashuvda delegatsiya aʼzolariga saylov jarayoniga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish boʻyicha asosiy tadbirlar dasturiga muvofiq amalga oshirilayotgan ishlar xususida maʼlumot berildi. Shu yil 27-iyun kuni tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksi, saylov qonunchiligiga kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimchalarning mazmun-mohiyati bilan tanishtirildi.

Joriy yil mamlakatimiz tarixida ilk bor saylov bilan bogʻliq barcha huquqiy meʼyorlarni oʻz ichiga qamrab olgan yaxlit qonun hujjati – Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksi qabul qilindi. Ushbu hujjat loyihasi 50 dan ortiq davlatning saylov qonunchiligiga oid materiallari tahlil etilgan holda tayyorlandi, keng jamoatchilik hamda xalqaro tashkilotlar ekspertizasidan oʻtkazildi.

Muloqot chogʻida mamlakatimiz saylov qonunchiligi ushbu muhim siyosiy jarayonni demokratik tamoyillar asosida oʻtkazishda muhim ahamiyatga ega ekani taʼkidlandi.

Uchrashuvda Aleksandr Shlik Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar saylov tizimiga oid qonunchilik sohasida ham aks etayotganini qayd etdi. Missiya aʼzolari boʻlajak saylovlarni xalqaro standartlar asosida oʻtkazish uchun hamkorlik masalalarini muhokama qilishga tayyorligini qayd etdi.

Delegatsiya aʼzolari saylov jarayonlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qoʻllash va bu borada joriy etilgan yangiliklarga alohida qiziqish bildirdi. Markaziy saylov komissiyasining saylovlarga tayyorgarlik koʻrishdagi faoliyatiga ijobiy baho berildi.

YEXHT missiyasi vakillarining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev bilan uchrashuvida saylovlarga koʻrilayotgan hozirlik, tashkiliy masalalar va ushbu jarayondagi hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Missiya aʼzolari Oʻzbekistonda saylovlar demokratik tamoyillarga muvofiq oʻtishi uchun saylov tizimini yanada takomillashtirish masalalariga katta eʼtibor berilayotganini taʼkidladi.

Delegatsiya aʼzolari shu kuni qator vazirlik va idoralarda boʻlib, saylovlarga tayyorgarlik holatini oʻrganish, milliy qonunchilikning xalqaro standartlarga muvofiqligini tahlil qilish, saylovlarning shakli, muddati va zarur boʻladigan kuzatuvchilar soni yuzasidan qaror qabul qilishdagi faoliyatni tashkil etishga qaratilgan uchrashuv va muzokaralarda ishtirok etdi.

Manba: O'zA