• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

Davlat-xususiy sheriklik munosabatlari parlament nazoratida

09.07.2019

Mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish, investitsion muhitni yaratish va ularni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, institutsional islohotlar qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirishga koʻmaklashmoqda.

Shunday zamonaviy institutlardan biri sifatida davlat-xususiy sheriklik munosabatlarini keltirish mumkin. 2019-yilning 10-may kuni “Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilindi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Bekzod ORTIQOV ushbu qonunning ahamiyati va joylarda uning mazmun-mohiyatini tushuntirishda olib borilayotgan ishlar haqida soʻzlab berdi:

– Bugungi kunda davlat-xususiy sheriklik munosabatlari koʻplab rivojlangan davlatlarda ijtimoiy va iqtisodiy sohalarda keng qoʻllanilib, oʻzining ijobiy samarasini bermoqda, – dedi Bekzod Ortiqov. – Ayniqsa, davlat-xususiy sheriklik munosabatlari davlat monopoliyasi saqlanib qolgan ijtimoiy va kommunal, shaharsozlik, obodonlashtirish, yoʻl xoʻjaligi, energetika va boshqa sohalarda qoʻllanilishi mumkin. Ayrim rivojlangan davlatlarning qonunchiligida davlat-xususiy sheriklik munosabatlari hatto jazoni ijro etish muassasalari faoliyatiga ham tatbiq etilishi mumkinligi belgilangan.

Davlat-xususiy sheriklik munosabatlarining tatbiq etilishi xususiy investitsiyalar kirib kelishiga, tadbirkorlik faoliyati koʻlamining kengayishiga, ilgʻor boshqaruv tajribasining joriy qilinishiga va samarali infratuzilma yaratilishiga sabab boʻladi. Bu esa, jamiyatdagi koʻplab ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni oʻzaro manfaatli sharoitlarda tezkorlik bilan samarali hal etish va byudjet xarajatlarining kamayishiga olib keladi.

Bugungi kunga qadar mamlakatimizda sogʻliqni saqlash va taʼlim boʻyicha davlat-xususiy sheriklik sohasiga oid munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan 10 ga yaqin qonunosti hujjati qabul qilinib, amaliyotga tatbiq etilmoqda.

“Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida”gi qonunning qabul qilinishi ushbu sohada boshlangan islohotlarning mantiqiy davomi boʻldi. Qonun loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida koʻrib chiqishda, uning amaliyotda toʻgʻridan-toʻgʻri ishlashini taʼminlashga qaratilgan normalar bilan boyitishga alohida eʼtibor qaratildi. Ularni maromiga yetkazishda 20 dan ortiq xorijiy mamlakatning bu boradagi eng ilgʻor tajribalari inobatga olindi. Qonun 2019-yil 11-iyundan amalga kiritildi.

Qonunga muvofiq tadbirkorlik subyektlari davlat organlari bilan oʻzaro tenglik, davlat-xususiy sheriklikni amalga oshirishdagi qoidalar, tartib-taomillarning shaffofligi, xususiy sherikni tanlashdagi bahslashuv va xolislik, kamsitishga, korrupsiyaga yoʻl qoʻymaslik kabi prinsiplar asosida faoliyatini amalga oshirishlari mumkin boʻladi.

Qonunda davlat-xususiy sheriklikning ushbu sohadagi prinsiplari bilan birgalikda uning asosiy yoʻnalishlari sifatida iqtisodiy oʻsishni ragʻbatlantirish va Oʻzbekiston Respublikasining barqaror rivojlanishini taʼminlash, davlat xizmatlari sifatini yaxshilash, ulardan erkin foydalanishni kengaytirish belgilanmoqda. Shuningdek, davlat-xususiy sheriklikni amalga oshirish shartlari va tartibi keltirilmoqda. Jumladan, qonunga muvofiq davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimning amal qilish muddati 49 yilni tashkil etadi.

Qonunda xususiy sherik tender yoki toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar asosida saralab olinishi nazarda tutilmoqda. Bunda bir bosqichli va ikki bosqichli tender oʻtkazish tartibi belgilanmoqda. Unga asosan umumiy qiymati bir million AQSH dollariga qadar boʻlgan davlat-xususiy sheriklik loyihalari boʻyicha bir bosqichli, umumiy qiymati bir million AQSH dollaridan ortiq boʻlgan davlat-xususiy sheriklik loyihalari boʻyicha ikki bosqichli tender oʻtkaziladi.

Qonunni qabul qilish bilan birga uning ijrosini nazorat qilish, amaliyotga toʻgʻri tatbiq etilishini taʼminlash muhim jarayon hisoblanadi. Shu maqsadda mazkur qonunning ishlab chiqilishi va monitoringi uchun masʼul boʻlgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qoʻmitasi tomonidan Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi va boshqa vazirlik, qoʻmitalar bilan hamkorlikda respublikaning barcha viloyatlarida seminarlar oʻtkazildi.

Tadbirlarda fuqarolarga, shu jumladan, tadbirkorlik subyektlariga qonunning mazmuni va ahamiyatini tushuntirildi. Ularning davlat-xususiy sheriklik munosabatlari sohasida fikr-mulohazalari, faoliyatida yuzaga kelayotgan muammolari tinglandi.

Xurshid QODIROV, OʻzA