• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

Brigit Wetzel: Shavkat Mirziyoyev mintaqaviy va xalqaro dolzarb masalalarni yaxshi his etadi

18.06.2019

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Bishkekda oʻtgan SHHTga aʼzo davlatlar rahbarlari kengashi va Dushanbeda tashkil etilgan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengash sammitlaridagi nutqi xalqaro ekspertlar, ijtimoiy-siyosiy, ilmiy-akademik doiralar va OAV vakillarida katta qiziqish uygʻotmoqda.

Xususan, Markaziy Osiyo boʻyicha germaniyalik ekspert, mustaqil jurnalist Birgit Vetsel “Dunyo“ axborot agentligi muxbiri bilan suhbatda davlatimiz rahbari tomonidan ushbu sammitlar doirasida ilgari surilgan tashabbuslar amaliy ahamiyati haqida soʻz yuritdi.

Uning qayd etishicha, dunyoda tinchlikni mustahkamlash, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga erishishda Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan takliflar muhim oʻrin tutadi.

– Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengash sammiti chogʻida Osiyo davlatlari oldida turgan muhim masalalar haqida soʻz yuritdi, – deydi ekspert. – Jumladan, Shavkat Mirziyoyev ekologiya, demografiya, migratsiya, shuningdek, qashshoqlik va yoshlarning taʼlimda toʻliq qamrab olinmasligi kabi mintaqa oldida turgan dolzarb masalalarga eʼtibor qaratdi. Ularga yechim topishni kechiktirib boʻlmas vazifa deya qayd etdi. Ayni shu masalalar bugun dunyo afkor ommasini chuqur oʻyga toldirayotgani ham sir emas. Zero, bu kabi illatlar yoshlarning terrorizm va radikalizm girdobiga tushib qolishi uchun zamin yaratadi.

B.Vetsel, oʻz navbatida, Oʻzbekistonning mintaqada ilmiy, taʼlim va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni mustahkamlash boʻyicha muvofiqlashtiruvchi vazifasini bajarishga tayyor ekanini, mavjud intellektual va iqtisodiy salohiyatni roʻyobga chiqarishdagi intilishlarini yuqori baholadi.

– Oʻzbekiston yetakchisining dolzarb masalalar boʻyicha qarashlari uning nafaqat milliy va mintaqaviy, balki dunyo hamjamiyati kun tartibidagi masalalarni chuqur anglashini koʻrsatdi, – deydi ekspert. – Prezident diniy bagʻrikenglikni targʻib qilishga alohida eʼtibor beradi. Oʻz vaqtida amalga oshirilayotgan bu kabi chora dunyoda mavjud kuchli taranglikni yumshatishda muhim.

Ekspert, shuningdek, xalq diplomatiyasi instituti xalqlar oʻrtasidagi ishonchni mustahkamlash, Markaziy Osiyoning Yevropani Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan bogʻlaydigan muhim koʻprik sifatidagi rolini oshirishda muhim oʻrin tutadi, deb hisoblaydi.

http://jahonnews.uz/uz/aktualno/305/54540/