• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

Bola kulgusi tinmasin, bayrami tugamasin...

Har yili yoz faslining ilk kuni bogʻu xiyobonlar, teatr va muzeylar, konsert zallari kichkintoylar bilan gavjum boʻlardi. Sport musobaqalari, turli qiziqarli viktorinalar yana-da avj olardi.

Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni hozirgidek tarzda nishonlanishi hech kimning yetti uxlab tushiga ham kirmagan. Mamlakatimizda har qanday sharoitda bolalar manfaati birlamchi ekani ogʻir sinovli kunlarda yana bir karra namoyon boʻldi.

Pandemiya boshlanishi bilanoq bolalarni shubhali xastalik xavfidan himoyalash, ular salomatligini asrash maqsadida barcha maktabgacha taʼlim maskanlari, umumtaʼlim maktablari oʻz faoliyatini toʻxtatdi.

MDH mamlakatlari orasida birinchilardan boʻlib, tezkorlik bilan onlayn-maktab mashgʻulotlari keng yoʻlga qoʻyildi. Dars mavzulari qiziqarli, mazmunli, sifatli yetkazilishi yoʻlida barcha saʼy-harakatlar safarbar etildi. Bilim olish jarayonini, bir lahzaga boʻlsada, qolib ketishiga yoʻl qoʻyilmadi. Bekorchilikka sira yoʻl berilmadi. Mohir ustozlarning isteʼdodini eng avvalo oʻquvchilar, ularning ota-onalari, yaqinlari yana bir karra dildan angladi.

Bugungi sinovli kunlarda bolalarning darsdan boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish maqsadida turli ijodiy loyihalar, tanlovlar, onlayn musiqiy dasturlar, badiiy toʻgaraklar yoʻlga qoʻyildi.

Ha, bolalarga atalgan bayram muzqaymogʻu salqin ichimliklar, shirinliklar, argʻimchoqlar bilangina belgilanmaydi. ...Baʼzan yurtimizning qaysidir hududida bir nobakor ayolning oʻz farzandini falon pulga sotish ilinjida boʻlgani, yana qaysidir hovliqma haydovchi bolalar hayotini xavfga qoʻygani, qayerdadir bolalarning huquqlari poymol boʻlayotgani yurakni sirqiratmay qolmaydi. Bolalar huquqlari boʻyicha Ombudsman faoliyatining yoʻlga qoʻyilgani, bolalar huquqlariga oid milliy qonunchilikning takomillashayotgani bunday koʻngilsizliklarga barham berishiga ishonamiz.

Bola oʻzini boladek, xavfsiz, bexatar, shodon, maʼrifatli sezsin hamisha. Demakki, bolalar oʻzini yil oʻn ikki oy bayramdagidek his etishi kerak. Buning uchun esa biz, kattalar hamisha masʼuliyatli, mudom ogoh boʻlmogʻimiz darkor.