• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

BMTning Inson xavfsizligi boʻyicha koʻpsheriklik trast jamgʻarmasi Boshqaruv qoʻmitasi yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida tashkil etilgan Orolboʻyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha koʻpsheriklik Trast jamgʻarmasi Boshqaruv qoʻmitasining 4-yigʻilishi videokonferensiya shaklida boʻlib oʻtdi.

Yigʻilishga Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov va BMTning Oʻzbekistondagi doimiy muvofiqlashtiruvchisi Xelena Freyzer hamraislik qildi.

Uchrashuvda, shuningdek, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri oʻrinbosari Badriddin Abidov, BMTTDning Oʻzbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska, YUNISEFning Oʻzbekistondagi doimiy vakili Sasha Graumann hamda BMT agentliklari, donor tashkilotlar va nodavlat sektor vakillari ishtirok etdi.

Muloqot davomida 2019-yil dekabr oyida oʻtkazilgan Trast jamgʻarmasining birinchi qabuli doirasida loyihaviy moliyalashtirish uchun taqdim etilgan talabnomalarni baholash natijalari koʻrib chiqildi. Talabnomalarni birinchi qabuli doirasida umumiy qiymati 3,1 million dollarga teng boʻlgan 2 loyiha, shu jumladan, Orolboʻyi hududlaridagi bir qator aholi yashash punktlarida suv taʼminoti tarmoqlari qurish va suv tozalash inshootlarini qayta taʼmirlash hamda Orol dengizi tubining qurigan qismida himoya oʻrmonzorlari barpo etish imkoniyatlarini oʻrganish uchun ilmiy ekspeditsiyalar tashkil qilish boʻyicha BMT TD va YUNESKO qoʻshma loyihasi tasdiqlandi va moliyalashtirildi.

Ikkinchi loyiha - YUNISEF va YUNFPAning Qoraqalpogʻiston Respublikasi Nukus shahri va tumanlarida perinatal muassasalarni zamonaviylashtirish boʻyicha tashabbusidir. Taʼkidlash joiz, mazkur loyihalarning sifatli va oʻz vaqtida amalga oshirilishi Trast jamgʻarmasining texnik kotibiyati tomonidan olib borilayotgan doimiy monitoring evaziga taʼminlanmoqda.

Yigʻilishda Orol inqirozining salbiy oqibatlarini yumshatish chora-tadbirlariga alohida eʼtibor qaratilayotgani taʼkidlandi. Qoraqalpogʻiston Respublikasini 2019-2021-yillarga moʻljallangan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi ishlab chiqilgan. Dastur sogʻliqni saqlash tizimi, qurilish, toʻqimachilik, farmatsevtika, oziq-ovqat, sayyohlik va kimyo sanoatini rivojlantirish boʻyicha umumiy qiymati 1,5 milliard dollarlik 1000 dan ortiq loyihani oʻz ichiga oladi.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining 2020-2022-yillardagi Investitsiya dasturi doirasida Qoraqalpogʻistonda umumiy qiymati 3,4 milliard dollarlik 28 ta loyiha amalga oshirilishi koʻzda tutilgan.
Mintaqani yana-da rivojlantirish boʻyicha kompleks ishlarning ustuvor yoʻnalishlari sanoatni rivojlantirish, turli sohalarda katta va kichik ishlab chiqarish obyektlari tashkil etish, tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoit yaratish, qishloq xoʻjaligiga ilgʻor texnologiyalarni keng joriy etish, aholi va ishlab chiqarish korxonalari uchun qulay zamonaviy infratuzilma yaratish, shuningdek, Orolboʻyi aholisining yashash darajasi va turmush sifatini yaxshilash boʻyicha chora-tadbirlar qabul qilish hisoblanadi.

Ekologiya sohasida amalga oshirilayotgan tashabbuslar, jumladan, Orol dengizining qurigan qismida va mintaqaning qolgan hududlarida himoya oʻrmonzorlari barpo etish boʻyicha ishlar alohida taʼkidlandi. Hozirgi paytda ushbu loyiha doirasida 100 milliard soʻm mablagʻ ajratilib, ekilgan maydon 2019-2020-yil faqat qish-bahor davrida 1,2 million gektarga yetkazildi.
Oʻzbekiston Respublikasi hukumati nomidan Finlyandiya vakillariga jamgʻarmaga qoʻshgan 1 million yevro, shuningdek, Yevropa Ittifoqi delegatsiyasiga 5 million yevro miqdoridagi hissasi uchun alohida minnatdorlik bildirildi. Yaqin kunlarda Koreya Respublikasi hukumati bilan Jamgʻarmaga 1 million yevro miqdorida hissa qoʻshish toʻgʻrisida bitim imzolanishi kutilayotgani maʼlum qilindi.
Uchrashuv davomida “Yoshlik”, “Innovatsiya” va “Sogʻliqni saqlash” yoʻnalishlarida 12,4 million dollarlik 3 ta loyihani moliyalashtirish uchun ikkinchi qabul doirasida ishlab chiqilgan va taqdim etilgan talabnomalar koʻrib chiqildi. Bundan oldin ushbu talabnomalar Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi rahbariyati, BMT agentliklari, tadqiqot institutlari va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi vakillaridan iborat baholash qoʻmitasi tomonidan koʻrib chiqilib, Trast jamgʻarmasining talablariga muvofiq deb topildi va belgilangan tartibda tasdiqlandi.
Moʻynoq tumanida koʻp tarmoqli kasalxona qurilishi boʻyicha loyiha alohida qayd etildi, loyihaning amalga oshirilishi Qoraqalpogʻiston Respublikasi shimoliy hududlarida eng koʻp zarar koʻrgan aholining tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytiradi. Loyiha sheriklar tomonidan jiddiy qoʻllab-quvvatlandi va yaqin kelajakda yakuniy texnik-iqtisodiy asos ishlab chiqilishi bilan ikkinchi qabul doirasida koʻrib chiqiladigan boʻldi.

Shuningdek, YUNISEF va BMT TD vakillari Boshqaruv qoʻmitasining 2019-yil 3-iyundagi ikkinchi yigʻilishi qaroriga binoan tasdiqlangan loyihalarning borishi toʻgʻrisida qisqacha taqdimot qildilar.
Boshqaruv qoʻmitasining 2019-yil 16-dekabrdagi qarori bilan tashkil etilgan Trast jamgʻarmasining platformasida Orolboʻyi mintaqasini barqaror rivojlantirish boʻyicha Maslahat qoʻmitasining birinchi yigʻilishini oʻtkazish masalasi koʻrib chiqildi. Maslahat qoʻmitasi Orolboʻyi mintaqasi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning turli jihatlari boʻyicha hukumat, fuqarolik jamiyati va rivojlanish boʻyicha sheriklar oʻrtasida konstruktiv muloqot uchun yagona platforma boʻlishga moʻljallandi.
Yigʻilish yakunida ishtirokchilar Oʻzbekiston Respublikasi hukumati va BMT, shuningdek, uning ixtisoslashgan agentliklari oʻrtasida Trast jamgʻarmasidan Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirishning turli jihatlari boʻyicha axborot almashish, muloqot, mavjud ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal qilishda bilim va innovatsion yondashuvlar vositasi sifatida samarali foydalanish maqsadida tizimli hamkorlikni yana-da rivojlantirish tarafdori ekanliklarini yana bir bor tasdiqladilar.
Maʼlumot uchun: Orolboʻyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha Koʻpsheriklik Trast jamgʻarmasi 2018-yilda BMT shafeligida tashkil etilgan innovatsion moliyaviy mexanizm hisoblanadi. Jamgʻarmaning maqsadi - xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va donor hamjamiyatining mablagʻlarini Orolboʻyi mintaqasidagi ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilashga qaratilgan murakkab chora-tadbirlarni amalga oshirishga safarbar etishdan iborat. Tashkil etilganidan buyon donorlar tomonidan Jamgʻarmaga 11,2 million dollar miqdorida mablagʻ ajratilgan.