• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

BMTda Xavfsizlik Kengashiga yangi vaqtinchalik aʼzo davlatlar saylovi boʻlib oʻtmoqda

Bugun BMT Bosh assambleyasida Xavfsizlik Kengashiga yangi vaqtinchalik aʼzo davlatlar saylovi boʻlib oʻtmoqda. Mavjud beshta oʻrin uchun Kanada, Jibuti, Hindiston, Irlandiya, Keniya, Meksika va Norvegiya kurash olib bormoqda.

BMT Xavfsizlik Kengashi mazkur tashkilotning doimiy faoliyat olib boruvchi tuzulmasi hisoblanib, uning zimmasiga xalqaro tinchlik va xavfsizlikni qoʻllab-quvvatlash masʼuliyati yuklangan. Xavfsizlik Kengashida doimo 15 mamlakat yigʻiladi. Ularning beshtasi doimiy va oʻntasi vaqtinchalik hisoblanadi.

Kengashning doimiy aʼzolari AQSH, Rossiya, Buyuk Britaniya, Xitoy va Fransiya hisoblanadi. Ushbu davlatlar biror bir masalani ovozga qoʻyishda veto huquqiga ega. Qolgan oʻnta aʼzo mamlakat ikki yilga saylanadi. Germaniya, Belgiya, Dominikan Respublikasi, Indoneziya va Janubiy Afrika Respublikasi 2019-2020-yillar uchun saylangan, Vyetnam, Niger, Tunis, Estoniya hamda Sent-Vinsent va Grenada 2020-2021-yillar uchun saylangan.

Bugungi boʻlayotgan saylovda ishtirok etayotgan mamlakatlar 2021-yildan keyingi muddatga Germaniya, Belgiya, Dominikan Respublikasi, Indoneziya va Janubiy Afrika Respublikasi oʻrniga saylanadi. Xabarda aytilishicha, davlatlar toʻrtta mintaqaviy guruh doirasida saylanishi koʻzda tutilmoqda.

Afrika guruhida bitta joy uchun Jibuti va Keniya kurashadi. Osiyo-Tinchokeani guruhida esa bitta joy uchun faqat Hindistonning nomzodi qoʻyilgan, shunga qaramay, Hindistondan baribir 193 ta (BMTga shuncha mamlakat aʼzo hisoblanadi) mamlakatdan 129 tasining ovozini olish talab etiladi.

Lotinamerika va Karib hovzasi mintaqasi guruhida bitta oʻrin uchun Meksika kurash olib bormoqda. Kanada, Irlandiya, Norvegiya davlatlari Gʻarbiy Yevropa va boshqa davlatlar uchun ajratilgan ikkita oʻrin uchun raqobatlashadi.

Ushbu yettita davlatning hammasi avval ham Xavfsizlik Kengashining aʼzosi boʻlishgan. Masalan, Hindiston Xavfsizlik Kengashiga yetti marta aʼzo boʻlgan boʻlsa, Kanada olti, Meksika va Norvegiya toʻrt, Irlandiya uch, Keniya ikki, Jibuti bir marta aʼzo boʻlgan.

Nomzod mamlakatlarga saylanish uchun Bosh Assambleyada ishtirok etayotgan delegatlarning uchdan ikki qismi ovoz berishi kerak boʻladi, yaʼni 193 mamlakatning 129 tasi ularning nomzodini maʼqullashi lozim. Reglament boʻyicha saylov yashirin ovoz berish tartibida oʻtkaziladi.

Bundan tashqari, chorshanba kuni BMT Bosh assambleyasining 75 chi sessiyasi raisi ham saylanadi. Bu joy uchun faqat Turkiya vakili Voʻlkan Bozkir nomzodi qoʻyilgan.