• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

BMT maxsus maʼruzachisining Oʻzbekistonga tashrifi boʻyicha maʼruzasi taqdim qilindi

Shveysariyaning Jeneva shahrida boʻlib oʻtayotgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari kengashining 44-sessiyasi doirasida 13-iyul kuni BMTning Sudyalar va advokatlar mustaqilligi masalasi boʻyicha maxsus maʼruzachisi Diyego Garsiya-Sayanning 2019-yil 19-25-sentyabr kunlari Oʻzbekistonga amalga oshirgan rasmiy tashrifi yakunlariga doir maʼruzasi taqdim etildi.

BMTga aʼzo mamlakatlar delegatsiyalarining bevosita ishtirokisiz oʻtgan Inson huquqlari kengashining ushbu sessiyasi ishida mamlakatimiz delegatsiyasi tarkibida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Sudi, Inson huquqlari boʻyicha milliy markaz, Advokatlar palatasi va boshqa tegishli tuzilmalar rahbarlari ham videokonferensaloqa rejimida ishtirok etdi.

Sessiyada BMT Maxsus maʼruzachisining mamlakatimizga tashrifi yakunlari yuzasidan taklif etilgan tavsiyalar asosida mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida Oʻzbekiston delegatsiyasining sharhi Oʻzbekiston Respublikasining Jeneva shahridagi BMT boʻlimi va boshqa xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakili Ulugʻbek Lapasov tomonidan oʻqib eshittirildi.

BMT Maxsus maʼruzachisi oʻz maʼruzasida Oʻzbekistonda keyingi yillarda sud-huquq tizimida erishilgan ijobiy natijalarni alohida taʼkidladi.
Xalqaro hamjamiyat eʼtibori, avvalambor, Prezident rahbarligida Oʻzbekistonda davlat institutlari va siyosatni isloh etish hamda modernizatsiya qilish boʻyicha keng qamrovli dastur ishlab chiqilganiga qaratildi. Hozirgi davrda odil sudlov tizimida amalga oshirilayotgan islohot ana shu dasturning tarkibiy qismlaridan biri hisoblanadi.
Diyego Garsiya-Sayan Shavkat Mirziyoyev oʻz lavozimini bajarishga kirishgan paytdan boshlab amalga oshirilgan muhim ishlar qatori, jumladan, sud hokimiyati mustaqilligini mustahkamlash va huquqshunoslarning oʻz kasbiy faoliyatini yana-da erkin bajarishini taʼminlashga qaratilgan islohotlarning muayyan amaliy natijalarini sanab oʻtdi.

Xususan, Oʻzbekistonda sud hokimiyati va sudlar xizmatini tashqi siyosiy bosimlardan muhofaza qilish borasida keng vakolatlarga ega boʻlgan konstitutsiyaviy organ sifatida Sudyalar oliy kengashi tashkil etilgan.
Maʼmuriy ishlar boʻyicha sudlarning yangi tizimi yaratilgan. Adliya vazirligi zimmasidagi sudlar faoliyati bilan bogʻliq ayrim maʼmuriy va texnik funksiyalar Oliy sud huzurida yangi tashkil etilgan Sudlar faoliyatini taʼminlash departamenti ixtiyoriga berilgan.
Mamlakatda prokurorlarga nisbatan munosabatda sudyalar mustaqilligining oʻziga xos koʻrsatkichi sifatida, jinoyat ishlari boʻyicha oqlov hukmlari miqdori ortib bormoqda. Sudyalik lavozimlariga nomzodlarni saralash va tayinlashning yangi tartib-taomillari joriy etilgan. Sudyalar almashtirilmasligi kafolatlarini mustahkamlash boʻyicha amaliy choralar koʻrilgan.
photo_2020-07-13_21-56-42.jpg

Sudyalarni birlamchi va uzluksiz tayyorlash tizimini mustahkamlashga qaratilgan bir qator ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, Sudyalar oliy kengashi huzurida Sudyalar oliy maktabi ochilgan. Sudlar chiqargan qarorlar Oliy sud veb-saytida muntazam ravishda eʼlon qilib borilmoqda. Odil sudlovdan foydalanish imkoniyatlarini osonlashtirish hamda bu boradagi shaffoflikni oshirishga qaratilgan elektron tartib-taomillar bosqichma-bosqich amaliyotga tatbiq etilmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha siyosat sohasida bir qator muhim islohotlar amalga oshirilgan. Xususan, Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi qonun qabul qilingan, tegishli choralarni amalga oshirish uchun taʼsirchan mexanizmlar yaratilgan.
BMT Maxsus maʼruzachisining fikricha, ushbu amaliy chora-tadbirlarni tom maʼnoda mustaqil va xolis odil sudlov tizimini barpo etish yoʻlidagi dastlabki qadamlar, deb hisoblash lozim. Sud hokimiyati davlat hokimiyatining boshqa tarmoqlaridan haqiqatan ham mustaqil boʻlishiga erishish hamda sudyalar, prokurorlar va advokatlar oʻz kasbiy faoliyatini hech qanday asossiz aralashuvlar va bosimlarsiz amalga oshirishlarini taʼminlash uchun hali koʻp ishlar qilish kerak boʻladi.

Diyego Garsiya-Sayan maʼruzasi yakunida Oʻzbekistonda sudyalar va prokurorlar mustaqilligini yana-da mustahkamlash hamda huquqshunoslar oʻz kasbiy faoliyatini erkin amalga oshirishlarini taʼminlashga qaratilgan bir qator tavsiyalar ham berdi. Xususan, maʼruzadan mamlakatimiz sud-huquq tizimini takomillashtirish istiqbollariga taalluqli sud-huquq tizimidagi islohotlarni xalqaro standartlarga mos ravishda amalga oshirishni davom ettirish, jumladan, xalqaro huquq normalarining milliy huquq normalaridan ustunligini konstitutsiyaviy asosda mustahkamlab qoʻyish, sudlar faoliyatiga boshqa hech qanday organlarning aralashmasligiga erishish, yaʼni sud hokimiyatining tom maʼnodagi mustaqilligini taʼminlash, Sudyalar oliy kengashining mustaqilligini mustahkamlash va vakolatlarini kengaytirish, kengashni shakllantirish tartibini yana-da mukammallashtirish, sudyalik lavozimiga nomzodlarni saralash tartib-taomillarini takomillashtirish, sudyalarning vakolat muddatlarini qayta koʻrib chiqish, sud tizimida gender tenglikni, yaʼni ayol sudyalar ham teng asosda ishlashini taʼminlash, prokuratura organlarining vakolatlarini cheklash, advokatlar maqomi va mustaqilligini mustahkamlash, odil sudlov imkoniyatlari va malakali yuridik yordamdan barchaning, jumladan, nogironlarning ham erkin foydalanishlari uchun zarur sharoitlar yaratish singari tavsiyalar oʻrin olgan.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Maxsus maʼruzachisining maʼruzasida qayd etilgan tavsiyalarning aksariyati mamlakatimiz tomonidan oʻtgan qisqa davrda bajarilgan. Ayni vaqtda ushbu tavsiyalarning qolgan qismi izchillik bilan amalga oshirilmoqda.
Eʼtiborli jihati shundaki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev shu yil 30-iyun kuni odil sudlovni taʼminlash va korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi vazifalar muhokamasiga bagʻishlab oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida mamlakatimiz sud-huquq tizimining navbatdagi bosqichi uchun belgilab bergan yangi vazifalar mohiyatan Maxsus maʼruzachining bu boradagi fikrlari, umuman, BMT Inson huquqlari kengashi 44-sessiyasida bildirilgan tavsiyalar bilan uygʻun va hamohangdir.