• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

Andijonda “Made in Uzbekistan” savdo yarmarkasi oʻtkazildi

Andijon shahrida “Made in Uzbekistan” shiori ostida savdo koʻrgazmasi oʻtkazildi.

Andijon viloyati hokimligi, Investitsiya hamda Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi Andijon viloyati hududiy boshqarmalari hamkorligida tashkil etilgan savdo yarmarkasida viloyatdagi 100 dan ziyod ishlab chiqaruvchi korxonalar, yakka tartibdagi va oilaviy tadbirkorlik subyektlari, hunarmandlar oʻz mahsulotlari bilan ishtirok etdi.

– Yarmarkani oʻtkazishdan koʻzlangan asosiy maqsad, koronavirus pandemiyasi sharoitida mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirishga qoʻmaklashish, – deydi Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi Andijon viloyati hududiy boshqarmasi boshligʻi Umrbek Tojiboyev. – Qolaversa, hududiy korxonalarning ishlab chiqarish va eksport salohiyatini oshirish, koronavirus pandemiyasi tufayli faoliyati maʼlum vaqt toʻxtab qolgan va endilikda ish boshlagan korxonalarni har jihatdan qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan.

Ayni kunda Andijon viloyatida qariyb 36,5 mingga yaqin kichik va xususiy tadbirkorlik subyekti faoliyat koʻrsatmoqda. Ulardan 12 ming 700 tasi keyingi uch yil ichida tashkil etilgan xoʻjalik subyektlaridir. Ana shu korxonalarning 2019-yil yakuni boʻyicha viloyat yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi qariyb 71,4 foizni tashkil etdi.

Yarmarkada ishlab chiqaruvchi korxonalarning sanoat, qurilish, trikotaj, oziq-ovqat mahsulotlari, ayniqsa, hunarmandlar tomonidan tayyorlangan hunarmandchilik mahsulotlari koʻpchilikning eʼtiborini tortdi.

– Korxonamizda Xitoy texnologiyasi asosida meva va sabzavotlardan jem, povidlo, umuman, 15 xildan ortiq turdagi mahsulotlar tayyorlanadi, – deydi Izboskan tumanidagi “PBK” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Sobirjon Abdurahimov. – Ham tabiiy, ham sifatli, oʻziga xos mahsulotlarimizga nafaqat ichki bozorda, balki xorijda ham qiziqish katta. Ana shuni hisobga olib, mahsulotlarimizni kichik hajmdagi, bir martalik idishlarga qadoqlashga harakat qilyapmiz.

–2017-yildan faoliyat olib borayotgan korxonamizda ayni paytda 35 dan ortiq turdagi sport jihoz va buyumlari ishlab chiqariladi, – deydi Baliqchi tumanidagi “RATEX” masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi Oʻzbekiston – Pokiston qoʻshma korxonasi rahbari Jalolidin Ahmedov. – Birgina oʻtgan yili qariyb 4 milliard soʻmlik mahsulot tayyorlanib, xaridorlarga yetkazib berildi.

Koronavirus pandemiyasi tufayli maʼlum vaqt faoliyatimizni toʻxtatib turishga majbur boʻldik. Bugungi kunga kelib esa korxona faoliyati bosqichma-bosqich tiklanmoqda. Oʻtkazilayotgan yarmarkada mahsulot yetkazib berish boʻyicha qator shartnomalar tuzishni rejalashtirganmiz.

Andijon shahridagi “Texnopol ELIT” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan ishlab chiqarilayotgan antiseptik vositalarga ishtirokchilarning qiziqishi katta boʻldi.

– Korxonamizda 12 xil turdagi dezinfetsiya vositalari tayyorlanadi, – deydi jamiyat rahbari Nuriddin Qosimov. – Oʻtgan yili qariyb 900 million soʻmlik mahsulot sotilgan boʻlsa, pandemiya tufayli mahsulotlarimizga talab kuchaygan joriy yilning oʻtgan davrida 50 tonna miqdordagi ana shunday mahsulotlar respublika miqyosida xaridorlarga yetkazib berildi.

Karantin va koronavirus infeksiyasi yuqishi va tarqalishining oldini olish boʻyicha belgilangan tartiblarga amal qilgan holda oʻtkazilgan mazkur yarmarka davomida ishlab chiqaruvchilar bilan savdo va boshqa korxonalari oʻrtasida mahsulot sotish, sotib olish boʻyicha qator manfaatli shartnomalar tuzildi.