• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

481 kilometr uzunlikdagi yoʻllar taʼmirlanadi

Yoʻllar har qanday mamlakatning iqtisodiy farovonligi va taraqqiyotini belgilashda muhim ahamiyatga ega. Shuning uchun yuksak taraqqiyotni koʻzlaydigan davlatlar barcha toifadagi yoʻllarni jahon andozalari darajasida boʻlishiga intiladi.

Mamlakatimizning barcha joylarida boʻlganidek, Fargʻona viloyatida ham ulkan bunyodkorlik ishlariga avvalo, yoʻllar qurilishi, rekonstruksiyasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Viloyatda 19 ming 952,5 kilometr avtomobil yoʻllari mavjud boʻlib, uning 4 ming 31 kilometri umumiy foydalanishdagi, 15 ming 921,5 kilometri ichki xoʻjaliklararo avtomobil yoʻllari, shaharlar va qishloq aholi punktlari koʻchalarini tashkil qiladi.

Avtomobil yoʻllarini qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash va ulardan foydalanish borasidagi ishlar Fargʻona viloyati avtomobil yoʻllari hududiy bosh boshqarmasi tomonidan olib borilmoqda. Avtomobil yoʻllari tarmogʻini rivojlantirish, aholi va yoʻl harakati ishtirokchilari uchun qulayliklar yaratish, yoʻl-transport hodisalarining oldini olish borasidagi keng koʻlamli tadbirlarni amalga oshirishda manzilli, investitsion va tegishli davlat dasturlari muhim ahamiyat kasb etayotir.

Ushbu vazifalarning amalga oshirilishi iqtisodiyot rivoji, shahar va qishloqlarning yana-da obod boʻlishi, xalqimizning hayot darajasi va sifatini yuksaltirishga xizmat qilayotgani har jabhada sezilib turibdi.

Oʻtgan yilda viloyatda 786,2 kilometr uzunlikdagi yoʻllarda umumiy qiymati 296,9 milliard soʻmlik bunyodkorlik ishlari amalga oshirilgan. Shuningdek, belgilangan chora-tadbirlar doirasida ichki xoʻjalik yoʻllarida 17,1 milliard soʻmlik va shahar koʻchalarida 44,9 milliard soʻmlik ishlar bajarilib, 138,8 kilometr yoʻllar tartibga keltirilgan.

“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari boʻyicha 454,3 kilometr avtomobil yoʻllarining taʼmirlanishi uchun 72,9 milliard soʻm sarflangan boʻlsa, erkin iqtisodiy zonalarida maqsadli yoʻnalishda 6,5 milliard soʻmlik ishlar bajarilgan.

– Belgilangan ishlarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish uchun ilgʻor tajriba, yangi texnika, texnologiya va samarali yoʻl-qurilish materiallaridan foydalanilmoqda, – deydi Fargʻona viloyati Avtomobillar yoʻllari hududiy bosh boshqarmasi boʻlim boshligʻi Jamshid Asqarov. – Hozirda tasarrufimizdagi zamonaviy texnikalar yordamida rejalashtirilgan obyektlarda yoʻl qurilishi ishlari tizimli olib borilmoqda. Koronavirus pandemiyasi tufayli faoliyatimizda oz muddat toʻxtalish vujudga kelgan boʻlsada, endilikda bor imkoniyatlarimizdan toʻliq foydalanmoqdamiz. Ishchi-xizmatchilarimiz ayrim obyektlarda ikki smenada mehnat qilmoqda.

Yoʻlsozlar Fargʻona shahrida tashkil etilgan Oʻzbekiston-Koreya Respublikasi xalqaro universitetining yangi binosi qurilishida gʻayrat bilan ishlayapti. Ular oʻquv maskani qad rostlagan Alisher Navoiy koʻchasida rekonstruksiya ishlarini yakunlab, piyodalar yoʻlaklariga plitka yotqizmoqda.

Rishton tumani markazini qayta qurish, shu jumladan, davlat ahamiyatidagi 4R-112 “Fargʻona halqa yoʻli” infratuzilmasini yaxshilash borasidagi keng koʻlamli ishlar avj olgan. Keng, tekis, xalqaro talablarga javob beradigan avtomobil yoʻllari har qanday inson havasini keltiradi. Bu yoʻllarni qurish va mukammal taʼmirlash uchun yoʻlsozlar kechayu kunduz tinim bilmadi.

Zamonaviy qiyofa kasb etgan yoʻllar boʻyida tungi chiroqlar oʻrnatildi, piyodalar yoʻlaklari qurildi, obodonlashtirildi, sugʻorish tizimi, mahalliy yoʻl va yoʻlaklar barpo etish ishlari amalga oshirildi. Mazkur yoʻlning 263-268 kilometr oraliqlarida yoʻl qurilishi ishlari davom etmoqda.

Yoʻl quruvchilarning qaynoq obyektlaridan biri davlat ahamiyatidagi Fargʻona-Qoʻqon avtomobil yoʻlidir. Hozirda yoʻlning joriy saqlov ishlariga Fargʻona koʻpriklardan foydalanish unitar korxonasi, Fargʻona yoʻllardan muntazam foydalanish unitar korxonasi, Oltiariq, Rishton, Bagʻdod, Uchkoʻprik tumanlari yoʻllardan foydalanish unitar korxonalarining tajribali mutaxassis-ishchilari, maxsus texnikalar jalb etilgan boʻlib, ikki smenada ish olib borilmoqda. Asosiysi, barcha ishlar karantin qoidalariga amal qilgan holda tashkil qilinmoqda. Bugungi kunda obyektning 5 kilometr qismida asfaltbeton qoplamasi yotqizildi.

– Zamon taraqqiy etib, mashinalar ogʻirligi va koʻpayishi yoʻllarning taʼmirtalab boʻlib qolishiga olib kelyapti, – deydi uchastka brigadiri Dilmurodjon Soliyev. Shuning uchun hozirgi yoʻl loyiha-smetalarida mazkur jihatlarga alohida eʼtibor qaratilgan va nazoratga olingan. Ishonchim komilki, xalqaro talablarga javob beradigan yoʻllarimiz uzoq yillar xalqimizga xizmat qiladi,

Viloyatda joriy yilda 481 kilometr uzunlikdagi yoʻllarda 348,8 milliard soʻmlik ishlar amalga oshirilishi belgilangan. Yanvar-aprel oylarida 166,1 kilometr yoʻllarda sifatli ishlar bajarildi. Jahon banki mablagʻlari hisobidan 38 kilometrlik umumfoydalanuvdagi mahalliy ahamiyatdagi avtomobil yoʻllarini toʻla taʼmirlash uchun yillik rejada koʻzda tutilganidek 80 milliard soʻmlik ishlar bajariladi.

Fargʻonada zamonaviy xalqaro talablarga javob beradigan avtomobil yoʻllari tarmogʻini yana-da rivojlantirish, transport kommunikatsiyalari tizimining xalqaro transport koridorlariga keng integratsiyalashuvini taʼminlash, transport xarajatlarini qisqartirish, umumiy foydalanadigan avtomobil yoʻllarini loyihalashtirish, qurish, taʼmirlash va mablagʻ bilan taʼminlash boʻyicha rejalashtirilgan ishlar bosqichma-bosqich davom etmoqda.