• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

“Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” vazirlar uchrashuvi toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov videokonferens-aloqa shaklida boʻlib oʻtgan “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” vazirlar uchrashuvida ishtirok etdi

Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston, Oʻzbekiston tashqi siyosat idoralari rahbarlari va YEIning Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati boʻyicha Oliy vakili Jozep Borrel turli sohalardagi mintaqalararo hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashdilar.

Majlisda soʻzga chiqqan Abdulaziz Komilov mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi tarqalishi va kasallikning salbiy ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlariga qarshi kurashish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida maʼlumot berdi.

Shu munosabat bilan Oʻzbekiston tegishli xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar bilan faol hamkorlik qilayotgani, mintaqaviy darajada qoʻshma saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirish boʻyicha ishlar olib borilayotgani taʼkidlandi.

Oʻzbekiston va YEI oʻrtasidagi munosabatlar nuqtayi nazaridan tomonlar soʻnggi yillarda keng koʻlamli, samarali va yaqin doʻstona munosabatlar oʻrnatilganini ijobiy baholadilar.

Ustuvor yoʻnalishlarda, jumladan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim tuzish orqali Oʻzbekistonning Yevropa Ittifoqi bilan muloqotini faollashtirish maqsadi qayd etildi.

Muzokaralarda Oʻzbekiston delegatsiyasi rahbari Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo boʻyicha strategiyasini qoʻllab-quvvatladi hamda mushtaraklik va barqaror rivojlanishni kuchaytirish maqsadida Toshkentda “Yevropa Ittifoqi - Markaziy Osiyo” vazirlar konferensiyasini oʻtkazish toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston tashabbusini amalga oshirish muhimligini taʼkidladi. Ushbu tadbir savdo, investitsiya, transport, energetika, raqamlashtirish va boshqa istiqbolli sohalardagi qoʻshma loyihalarni ilgari surishga yordam berishi qayd etildi.

Uchrashuv davomida, shuningdek, Afgʻoniston bilan bogʻliq masalalarga alohida eʼtibor qaratilgan holda, xalqaro va mintaqa kun tartibi yuzasidan fikr almashildi.