• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

“Yashil” hududlardagi sport seksiyalari faoliyati karantin qoidalari asosida yoʻlga qoʻyilmoqda

Yurtimizga koronavirus pandemiyasi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish boʻyicha Respublika maxsus komissiyasining 2020-yil 29-maydagi qaroriga asosan 2020-yil 1-iyundan “yashil” hududlarda sport seksiyalari, toʻgaraklari, sport zallari va fitnes klublar faoliyatiga ruxsat berildi.

Joriy yil 4-iyundan boshlab Toshkent viloyatining “yashil” hududlar toifasiga kiruvchi Olmaliq shahridagi bolalar-oʻsmirlar sport maktabida karantindan soʻng ilk bor ayrim sport seksiyalari oʻz faoliyatini boshladi.

Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Olmaliq shahar bolalar-oʻsmirlar sport maktabi shahar sanitariya va epidemiologiya markazining ruxsati asosida hamda karantin qoidalariga qatʼiy amal qilgan holda (muassasaga kirishda, tana haroratini oʻlchovchi pirometr vositasi orqali tekshiruvdan oʻtgach, mashgʻulotlarda qatnashishga ruxsat etilmoqda) faoliyatini boshladi va kun davomida sport zali dezinfeksiya qilib turilmoqda.

Respublika boʻylab “yashil” hududlarda qaytadan faoliyatini boshlayotgan sport seksiyalari mutasaddilariga Jismoniy tarbiya va sport vazirligining 645-sonli buyrugʻida koʻrsatib oʻtilgan talablarga asosan, sanitariya va gigiyena qoidalariga qatʼiy rioya qilgan holda, mashgʻulotlar oʻtkazish boʻyicha kerakli tavsiyalar berilmoqda.