• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

“Oʻzsanoatqurilishbank” Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki koʻmagida kichik va oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirmoqda

Joriy yilning 23-iyun kuni “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki oʻrtasida mahalliy ishlab chiqaruvchilar, eksportchilar hamda kichik va oʻrta biznes korxonalarini moliyalashtirish uchun 40 mln. AQSH dollariga teng kredit liniyasi ajratilishi boʻyicha qarz bitimi imzolandi.

Mazkur bitim “Oʻzsanoatqurilishbank” ATBga respublikamiz boʻylab joylashgan boʻlinmalarining keng tarmogʻi orqali YETTB kredit liniyasi mablagʻlarini tadbirkorlik subyektlari loyihalariga yoʻnaltirish imkonini berib, koronavirus pandemiyasi sharoitida ularni moliyaviy qoʻllab-quvvatlashni kengaytirishga xizmat qiladi.

“Oʻzsanoatqurilishbank” axborot xizmati maʼlum qilishicha, ATB va YETTB oʻrtasida hamkorlikning faol bosqichi 2019-yilda boshlangan boʻlishiga qaramay, bu banklar oʻrtasidagi uchinchi bitim hisoblanadi. Bugungi kunga qadar “Oʻzsanoatqurilishbank” YETTBning “Savdoni rivojlantirishga koʻmaklishish dasturi” doirasida emitent va tasdiqlovchi bank sifatida ishtirok etish hamda “Revolver kreditini ajratish boʻyicha”bitimlar doirasida bank mijozlarining eksport-import amaliyotlarini moliyalashtirib kelayotgan edi.

Bundan tashqari, YETTB bankni xususiylashtirishga tayyorlash, gʻaznachilik amaliyotlarini takomillashtirish hamda xodimlar malakasi va mijozlar moliyaviy savodxonligini oshirish masalalari yuzasidan bankka maslahatlar beradi.

Maʼlumot uchun: Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki 1991-yilda taʼsis etilgan. 65 ta mamlakat, Yevropa Ittifoqi va Yevropa investitsiya banki YETTBning aksiyadorlari hisoblanadi. YETTB bank tizimlarini isloh qilish, narxlarni liberallashtirish, xususiylashtirish, zarur meʼyoriy-huquqiy bazani shakllantirish, malakali maslahat berish, kasbiy tayyorgarlik va texnik koʻnikmalarga oʻrgatish hamda yirik investitsiyalarni xususiy va davlat sektoriga taqdim etish kabi tadbirlarda faol ishtirok etadi.