• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

“Kino sanʼati professional kinoshunoslarning yangi avlodiga muhtoj”

Kinorejissyor Jahongir Ahmedov bugun kino sanʼati professional kinoshunoslarning yangi avlodiga muhtoj ekanini aytmoqda. Uning fikricha, kinoni professional tahlillar rivojlantiradi. Mutaxassislarning xolis fikrlari rejissyor xuddi shifokorlarga qiyoslamoqda. Bugungi kunda kinofilmlarga oʻz shaxsiy qarashlari, didlari bilan baho beruvchilar koʻp, biroq oʻtkir tahlillar esa...

“Tanqid va tahlil. Kinoga nisbatan koʻproq tahlil soʻzini ishlatishimiz kerak. Kinoning ilmi bu tahlil. Bu sohada hali ham ilmiy izlanishlar davom etyapti. Bundan 100-yil keyin ham toʻxtamaydi. Izlanishlar kinotanqid va kinotahlilda sezilishi kerak. Kinoda ham hamma narsa kashf qilib boʻlingan, lekin ilm toʻxtamasligi kerak.

Bizdagi kinotahlillarda esa koʻproq kinoga aloqasi boʻlmagan davrlar, shaxslar haqida toʻxtalishadi yoki qaysidir filmni eslashadi, oʻzlari sevgan film bilan qiyoslashadi. Yoki oʻzlari koʻrmoqchi boʻlgan film haqida yozishadi.

Rejissyor sifatida ularning orzusidagi film haqidagi emas, balki men suratga olgan film haqidagi tahlilni oʻqigim keladi. Bir tahlilni oʻqidim. Unda muallif filmda “menga yoqqan” va “menga yoqmagan” jihatlar deb taʼkidlaydi.

Yaʼni muallif oʻz shaxsiy didini butun oʻzbek kinosiga mezon va meʼyor sifatida taklif qiladi. Bu notoʻgʻri. Qanchalik chuqur tahlil boʻlmasin, hech qachon individual did mezon boʻlmasligi kerak.

Shukrki, kinoning kamchilik va yutuqlarini adolatli va professional tahlil qilayotgan mutaxassislar ham boʻy koʻrsatishyapti.

Kino – sintez sanʼati. Koʻpgina tahlillar rejissyor kinoni oladi, bastakor musiqa bastalaydi, aktyor rol ijro etadi degan tushunchada aylanadi. Kino son-sanoqsiz sanʼat turlarini birlashtiradi. Tahlil barchasini nazardan oʻtkaza olishi kerak.

Kino sanʼati bugun professional kinoshunoslarning yangi avlodiga muhtoj.

Fikr bildirmoqchi boʻlganlarning munosabatlari ham oʻrganiladi. Lekin kinoning ertasi uchun professional tahlillar oʻta muhim.

Shaxsan men professional darajada qilingan tahlillarni toʻplayman. Ular tayyor shpargalka. Tahlilni shifokorga oʻxshataman. Uning vazifasi bemorni davolash, oʻldirish emas.

Kino tanqid, tahlil, professional kinoshunoslarsiz rivojlanmaydi. Kinotahlilning kino sanʼatning rivojlanishidagi oʻrni adabiyotnikidan kam emas.

Tashxis kino sanʼatining yana-da sogʻlom, yana-da tetik boʻlishiga xizmat qilishi kerak. Tanqid garmdori singari achchiq boʻlishi kerak. Garmdori esa ishtahani ochadi”, deb yozadi kinorejissyor Jahongir Ahmedov.