• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

“Asaka” bank yordamida Fargʻonada chorvachilikni rivojlantirish uchun zamonaviy texnologiyalar joriy etilmoqda

Qishloq xoʻjaligining istiqbolli tarmoqlarini rivojlantirish dasturi doirasida Fargʻona viloyatida chorvachilik sohasini qoʻllab-quvvatlashga ham jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. Bu borada imtiyozli bank kreditlari ajratilib, viloyatda chorvachilik tarmogʻi jadal rivojlanishi taʼminlanyapti. Xususan, “Asaka” aksiyadorlik tijorat banki tadbirkor va fermer xoʻjaliklarining ishonchli hamkori sifatida istiqbolli loyihalarni amalga oshirishda yaqindan koʻmak beryapti.

Oʻzbekiston tumanidagi “Sohibkor Togʻay” chorvachilik fermer xoʻjaligi tomonidan keyingi yillarda “Asaka” bank imtiyozli kreditlari yordamida bir necha biznes-rejalar hayotga tatbiq etildi. Ayni paytda fermer xoʻjaligida Germaniyadan keltirilgan “Golshteyn” zotli qoramollar parvarishi yoʻlga qoʻyilgan.

– 2018-yili faoliyatimizni zamonaviy mezonlar asosida yana-da rivojlantirish uchun “Asaka” bankning Qoʻqon filialidan 580 ming AQSH dollari miqdorida imtiyozli kredit olganmiz -deydi fermer xoʻjaligi rahbari Oʻtkir Sattorov. – Kredit evaziga germaniyalik hamkorlarimizdan 102 bosh naslli mollar olib kelindi. Shuningdek, Germaniyadan eng zamonaviy texnologiyalar xarid qilinib, chorva mollarini parvarishlash, oziqlantirish, sunʼiy nasl olish, sut sogʻib olish kabi barcha jarayonlar toʻliq kompyuterlashtirildi. Bankning koʻmagi bilan loyiha ishga tushirilib, chorvachilik tarmogʻida oʻz oʻrnimizni topdik.

Hozirgi kunda jahon andozalari darajasida qurilgan va 2,5 gektar maydonda joylashgan viloyatda yagona boʻlgan chorvachilik majmuasida barcha ish jarayoni zamonaviy kompyuter texnologiyalari yordamida bajariladi. Sut sogʻish zali. Buning uchun 26 nafar yosh va malakali mutaxassislar ishga jalb etilgan.

Fermer xoʻjaligi ozuqa bazasini shakllantirish uchun 125 gektar yer maydoni ajratilgan boʻlib, sifatli oziqlantirish jarayoni yoʻlga qoʻyilgani tufayli kuniga har bir sigirdan oʻrtacha 18-20 litr sut sogʻib olinmoqda. Oʻzaro shartnoma asosida darmon dorilarga boy sut mahsuloti “Nestle” Oʻzbekiston-Shveysariya qoʻshma korxonasiga yetkazib beriladi.

Bank kreditlaridan samarali foydalanilayotgani natijasida 30 ta qoramol bilan faoliyat boshlagan xoʻjalikda bugungi kunda 300 boshdan ziyod naslli mollar parvarishlanmoqda.

Muxtasar aytganda, tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilayotgan yuksak eʼtibor ularni yurtimiz ravnaqi, xalqimizning farovon hayoti yoʻlida tashabbus koʻrsatib, gʻayrat bilan mehnat qilishga undamoqda. Shu maʼnoda, “Asaka” bankning ajratayotgan kreditlarini taraqqiyotga yoʻnaltirilayotgan sarmoyalar, deb eʼtirof etish mumkin.

“Asaka” bank – moliyaviy bozorda sizning ishonchli hamkoringiz!

Bank matbuot xizmati

Reklama huquqi asosida