• Deutsch
  • English
  • Русский
  • o'zbek

“Armanistonlik sayyoh nega yurtimizga doim ham kela olmasligi sababini aytdi...”

09.07.2019

Birlashgan Millatlar Tashkiloti maʼlumotiga koʻra, har yili 1 milliard kishi jahon boʻylab sayohat qiladi.

Oʻzbekiston ham bu industriyaning ajralmas qismi hisoblanadi. Mamlakatimizga kelayotgan turistlar uchun viza berish tartibi soddalashtirilgani, ularni yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olish tizimi elektron shaklga oʻtgani kabi omillar qisqa vaqtda oʻz samarasini bermoqda.

Bu haqida bugun Samarqand shahridagi yoshlar markazida boshlangan MDH mamlakatlari Turizm kengashining navbatdagi yigʻilishi hamda birinchi turistik yarmarkasida alohida qayd etildi.

–Turizm ish oʻrinlari yaratish, hududlarni jadal rivojlantirish, valyuta tushumlarini koʻpaytirish, aholi daromadlari va turmush darajasini oshirish kabi ijtimoiy-iqtisodiy vazifalarni ham bajaradi, – deydi Armeniston turizm federatsiyasi prezidenti Mexak Apresyan. – Oʻzbekistonga ikkinchi marta kelishim. Yurtingiz oʻzining madaniyati va urf-odatlari bilan dunyo xalqlari orasida mashhur.

Juda koʻpchilik bu yerga kelishni istaydi. Ammo, transportning noqulayligi tufayli koʻp ham kelavermaydi. Agar Yerevan-Toshkent toʻgʻridan-toʻgʻri yoʻnalishi yoʻlga qoʻyilsa, koʻnglimizdagidek ish boʻlardi. Armaniston va Oʻzbekiston oʻrtasida sayyohlar oqimi kengaygan boʻlardi.

Mexak oʻz soʻzida Oʻzbekistonda ziyorat, agro, gastronomik kabi turizm yoʻnalishlari rivojlangani, bu yoʻnalishlar ularda bir yoʻla, bir-biriga bogʻliq holda rivojlanayotgani haqida alohida eslatib oʻtdi.

– Menimcha, kelgan sayyohlar guruhidan biri agroga qiziqsa, boshqasi togʻ, vino yoki tibbiyot turizmiga qiziqishi mumkin. – deydi mehmon.

Tadbir doirasida MDH davlatlari turistik kompaniyalari oʻrtasida ellikdan ortiq shartnoma va bitimlar tuzildi.

Sayyora SHOYEVA, OʻzA